3-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda Air Products, CNH Industrial va Silverleaf kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

америка-ўзбекистон savdo palatasi, ақш

Unda O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarida “yuqori darajaga erishilgani” hamda palata O‘zbekiston savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oshayotgani, energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Kerolin Lemm AQSh ishbilarmon doiralari nomidan O‘zbekiston rahbariga “ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligiga shaxsan e’tibor qaratayotgani va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun” samimiy minnatdorlik bildirdi.

америка-ўзбекистон savdo palatasi, ақш

Amerika tadbirkorlarining O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirish, moliyaviy instrument va mexanizmlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribani joriy etish hamda turli tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari muhokama qilindi.

2024-yilda Toshkent shahrida AQShning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida biznes forumini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.